Ramzan Qodirov Amerika superqahramonlariga urush e’lon qildi
20 - noyabr kuni Chechenistonning avtoritar rahbari Ramzan Qodirov bolalar markazlari va o‘yin maydonchalaridagi Amerika komikslari qahramonlari tasvirlarini Shimoliy Kavkaz respublikasining «haqiqiy qahramonlari» bilan almashtirishni buyurdi.
Qodirovning ushbu buyrug‘i e’lon qilinishidan avvalroq u Kurchaloy shahridagi yangi ko‘p qavatli turar-joy majmuasiga tashrif buyurgan edi. U yerda chechen rahbari bolalar markazi devorlariga chizilgan amerikalik komiks va kino qahramonlarini tanqid qildi.
Qodirov 16 - noyabr kuni yangi majmuaga qilgan tashrifi davomida Kapitan Amerika, Tor, Temir odam va Supermen obrazlari haqida:
«Bu xayoliy personajlarning rasmlarini o‘chirib tashlashimiz kerak, ular fantaziya», - dedi
«Din va odamlar tarixida o‘rnak olish mumkin va lozim bo‘lgan juda ko‘p haqiqiy qahramonlar bor. Aks holda, bolalar faqat mana bu qahramonlar mavjud deb o‘ylashadi», - deya qo‘shimcha qildi Qodirov.
20 - noyabr kuni Qodirov bolalar markazlari va o‘yin maydonchalaridagi barcha komiks superqahramonlarning rasmlarini olib tashlash borasida buyruq berganini aytdi.
«Men ularni butun respublika bo‘ylab almashtirishni buyurdim», - dedi Qodirov.
Buning o‘rniga u komiks qahramonlari tasvirlarini o‘zining marhum otasi, Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmad Qodirov va XVIII asr oxiri va XIX asrda Kavkaz urushida qatnashgan tarixiy shaxslar tasvirlari bilan almashtirishni buyurdi.
Rossiyalik va xalqaro huquq himoyachilari Qodirovni inson huquqlarini muntazam poymol qilishda, shu jumladan, qiynoqlar, odam o‘g‘irlash, sudsiz qatl etishlarda hamda Rossiya ichida va uning tashqarisida shaxsiy hamda siyosiy dushmanlarini o‘ldirishga buyruq berganlikda ayblab keladilar.
Kreml tanqidchilarining ta’kidlashicha, prezident Vladimir Putin Chechenistonda bo‘lginchilik kayfiyati va zo‘ravonliklarni nazorat qilish uchun Qodirovning qonunbuzarliklariga ko‘z yumib keladi.
Chechenistonda Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin ikki marta qonli urush sodir bo‘lgan va islomiy isyonchilik boshlanib, Shimoliy Kavkazning boshqa musulmon hududlariga tarqalgan edi.